Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
O‘tgan besh oyda mamlakatimizda sanoat 6,4 foizga o‘sdi, eksport 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2 million 400 ming odam daromadli bo‘ldi.
Lekin kuni kecha dunyoda yana bir mojarolar o‘chog‘i avj olgani nafaqat Yaqin Sharq, balki mintaqamizga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi. Keskinlashuv davom etsa, pandemiyadan keyin endi-endi tiklanayotgan savdo aloqalari va logistika marshrutlari qiyinlashadi.
“Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti. Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog‘idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko‘ra bilib, proaktiv, yaʼni topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shart.
Eng muhimi, aholi va biznes bilan muloqotni yana-da kuchaytirib, ular so‘rayotgan masalalarni tez-tez hal qilib berish bu rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur”, - dedi davlat rahbari.
Prezident vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi. Har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Ularning viloyatda idorasi ham, boshlig‘i ham bor.
Ayrim tuman tashkilotlari oddiy-oddiy masalalarni hal qilish uchun viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak. Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘lida har kuni 20 marta yopiladigan “shlagbaum” 200 metr nariga ko‘chirilsa, 8 ming avtomobil uchun tirbandlik yo‘qoladi. Lekin, bunga na tuman, na viloyat hokimini vakolati bor. “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan ruxsat olish kerak.
Yoki, “Termiz-Sariosiyo” temir yo‘lining yarmi elektrlashmagani uchun elektrovoz 1,5 soat sarflaydigan manzilga teplovozlar 3 soatda borayapti. Shu bois, ko‘pchilik avtomobilda harakatlanmoqda.
Tuman hokimlari va aholi takliflarini eshitib, bu yo‘nalishni oxirigacha elektrga o‘tkazsa, 10 ta tumanni Termiz bilan xavfsiz bog‘lash mumkin, lekin transport vaziri I.Mahkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi Z.Narzullayev bunga loqaydligi ko‘rsatib o‘tildi.