O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizni tashkil qilmoqda. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
O‘tgan yili 9 364 ta YTH sodir bo‘lgan. Ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan. Avariyalar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida.
2025-yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda. Og‘ir oqibatli avariyalar keskin kamaygan tumanlar ko‘p. Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari va Ohangaron, Shirin, Nurafshon, Xonobod shaharlarida vaziyat yaxshilanib, birorta o‘lim bo‘lmadi.
Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida teskari vaziyat. Soha uchun masʼullarga bizda har 100 ming aholiga o‘lim bilan bog‘liq avariyalar soni Hamdo‘stlik davlatlari ichida eng pastligi xotirjamlikka berilish uchun sabab emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Afsuski, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak”, - dedi prezident.