Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston – BAA do‘stligi va strategik sherikligini yana-da mustahkamlash, shuningdek, joriy yilning yanvar oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishlarda 300 dan ziyod tashabbuslar, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi muhim dasturlar amalga oshirilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi besh yillik dasturni keng ko‘lamda amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Byurokratiyani kamaytirish, sunʼiy intellekt sohasida 5 mln nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev va vazir Muhammad al-Gargaviy O‘zbekiston - BAA munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.