Toshkentda psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari saqlab kelgan 18 yoshli yigit ushlandi

Mazkur holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Yunusobod tumanida katta miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi toʻxtatib qolindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Oʻzini shubhali tutgan 2006-yilda tugʻilgan H. IIO xodimlari tomonidan toʻxtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda, kiyimining chap va oʻng choʻntaklaridan 50 dona psixotrop dori vositalari topildi.

Bundan tashqari uning yashash manzili onasi va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda uyning kirish yoʻlagi shiftidan 335 dona, isitish moslamasi tizimi ichidan 125 dona jami 510 dona inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 251 prim1-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumon qilinuvchi H.ga ehtiyot chorasi sifatida qamoq qoʻllanilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling