Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari bilan uchrashuv oʻtkazdi

Sunʼiy intellekt va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlat rahbariga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻtgan yil may oyida Oʻzbekistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va boshqa oliy darajadagi muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish surʼatini saqlab qolish, sanoat kooperatsiyasi va elektron tijorat loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, suv xoʻjaligi, oliy taʼlim va muhandis kadrlar tayyorlash, sunʼiy intellekt, madaniy almashinuv va sport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kompleks choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling