Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro amirligi davriga oid qadimiy tangalarning olib chiqilishi fosh etildi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.
Aniqlanishicha, “Qarshi aeroporti” chegara bojxona posti orqali “Qarshi-Moskva” yoʻnalishidagi aviareys bilan uchib ketishni maqsad qilgan fuqaro X.X. ning yonidagi qoʻl va yuk sumkalari rentgen apparatida bojxona nazoratidan oʻtkazilganda, bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan, qadimiy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan metall tangalar topilgan.
Oʻzbekiston hududidan olib chiqilishi taqiqlangan, ishlab chiqarilganligiga 50 yildan oshgan jami 116 dona metalldan tayyorlangan qadimiy tangalarni mamlakatdan yashirin tarzda olib chiqayotgan shaxs vaqtida toʻxtatib qolindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan maʼmuriy ish yuritilib, sud organlariga yuborilgan.
Shuningdek, ushlab qolingan qadimiy tangalar “Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi”ga topshirildi. Madaniy meros agentligining tegishli xulosasida Buxoro amirligi davrida zarb etilgan tangalar ham mavjudligi qayd etilgan.
Maʼlumot uchun, “Qarshi aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan 2024-yilning oʻtgan davrida 10 ta holatda qiymati 10 million soʻmdan ortiq boʻlgan, tarixiy ahamiyatga ega 168 dona madaniy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib oʻtilishining oldi olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling