Qarindoshlari bilan birga ishlashi mumkin boʻlgan davlat tashkilotlari xodimlari roʻyxati tasdiqlandi

Jumladan, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining xodimlari

Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash toʻgʻrisidagi qoidalardan istisnolarga yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan davlat tashkilotlari xodimlarining roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra:

— Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining xodimlari;

— Qishloq joylardagi qishloq xoʻjaligi tashkilotlari va qishloq xoʻjaligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari;

— Temir yoʻl transportining liniya tashkilotlari, yoʻl, qurilish-montaj va temir yoʻllarning ixtisoslashtirilgan trestlarining qurilish-montaj va koʻpriksozlik poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalari va boshqa harakatlanuvchi tuzilmalarning xodimlari, ushbu korxona va tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;

— Aloqadan foydalanish tashkilotlari xodimlari;

— Sogʻliqni saqlash, davolash-profilaktika va sanitariya-epidemiologiya tashkilotlarining shifokorlari;

— Barcha taʼlim tashkilotlaridagi pedagog xodimlar, oʻqituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar;

— Oʻzbekistonning “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mehnat shartnomasi tuzilmaydigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari;

— Teatrlar, badiiy jamoalar va studiyalarning ijodiy xodimlari;

— Arxivlar xodimlari, ilmiy muassasalar xodimlari, muassasalarning bosh buxgalterlari, buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari, shuningdek, seysmik stansiyalar xodimlari;

— Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tarmoq tashkilotlarining xodimlari;

— Dala geologiya (ekspeditsiyalari, uchastkalari va boshqa) tashkilotlari xodimlari;

— Qishloq joylarda ishlaydigan oʻrmon va suv xoʻjaligi mutaxassislari, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlari, tibbiyot xodimlari,madaniy-maʼrifiy tashkilotlar xodimlari;

— Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanadigan yoʻl tashkilotlarining xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;

— Qurilish-montaj va koʻpriksozlik qurish poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalar va boshqa koʻchma maxsus qurilish tuzilmalarining xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;

— Daryo floti kemalarining suzuvchi tarkibi xodimlari va daryo transportidan foydalanish tashkilotlari xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;

— Magistral quvurlar oʻtkazish hamda neft va gaz konlarini tartibga keltiruvchi qurilish, qurilish-montaj va boshqa ixtisoslashtirilgan boshqarma va uchastkalarning xodimlari, tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari;

— Havza va koʻllardagi baliqchilik tashkilotlari xodimlari, ushbu tashkilotlarning bosh buxgalterlari, omborxona mudirlari (omborchilari) va kassirlaridan tashqari.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling