Qashqadaryoda qonun himoyachilari bo‘lgan 3 nafar advokatning firibgarlik harakatlari fosh etildi, deb xabar berdi DXX.
Maʼlum qilinishicha, Qarshida faoliyat olib boruvchi advokatlik byurosi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan 2 nafar fuqaroga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Qarshidagi advokatlik byurosi advokati fuqarolik ishlar bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining ish yurituvida bo‘lgan ishni huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro foydasiga hal qilib berish yuzasidan u bilan shartnoma tuzib, xizmat haqi evaziga 2 mln so‘m va davlat boji uchun 1,5 mln so‘m oladi.
Ammo, advokat mazkur fuqarolik ishini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali hal qilishini aytib, qo‘shimcha 500 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Qarshida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro bilan shartnoma tuzmagan holda, Muborak tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi ish yurituvida bo‘lgan bezorilik huquqbuzarligiga oid ishning unga tegishli qismini tergovchi orqali ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilib, muqaddam 2 mln so‘m oladi.
Advokat ushbu ishni go‘yoki ijobiy hal qilganligini aytib, qo‘shimcha 2 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.