Toshkent shahrida 17-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qatar Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Shayx Muhammad Bin Ahmad al-Kuvariy ishtirokida Oʻzbekiston va Qatarning 40 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Oʻzbekiston tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasini qayd etdi. Qatarning qator yirik kompaniyalari Oʻzbekistonda energetika, yoʻl infratuzilmasi, logistika va turizm sohalarida investitsiyaviy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirish va koʻlamini kengaytirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Gap qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, togʻ-metallurgiya, energetika va neft-kimyo, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, transport va logistika sohalari, shuningdek, keng koʻlamli xususiylashtirish dasturi haqida bormoqda.
Qatar tomoni Oʻzbekistonning investorlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi va muhokama qilingan barcha loyihalar boʻyicha faol ishlashga tayyorligini taʼkidladi.
Davra suhbati yakunlari boʻyicha Qatar Dynasty Jet kompaniyasining Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar, Qatarning Al Mai Trading, High Com Global Trading hamda Oʻzbekistonning Millmax Trading va Turan as kompaniyalari bilan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha shartnomalar imzolandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling