Shavkat Mirziyoyev Qatarga tashrifni yakunlab, AQSHga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston yetakchisi AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Shavkat Mirziyoyevning Qatarga amaliy tashrifi yakunlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda O‘zbekiston prezidentini bosh vazir o‘rinbosari, mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Davlat rahbari AQSH prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi AQSH prezidenti Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi a‘zolari, AQSH vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yana-da kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSH bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirlar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling