Sherxon Allamurotov Qiziriq tumani hokimi etib tayinlandi

Tayinlovga qadar u 2023-yildan buyon tuman IIB boshligʻi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi

Qiziriq tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazildi, deb xabar berdi Surxondaryo viloyati hokimligi.

Sessiyada viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirok etib, Qiziriq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga toʻxtaldi.

Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Anvar Oripov oʻz arizasiga binoan lavozimidan ozod etilganligini bildirib, Sherxon Allamurotov nomzodini Qiziriq tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Sherxon Allamurotov 1986-yilda Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi – huquqshunos. Podpolkovnik harbiy unvoniga ega.

Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli vazifalarda, xususan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasida boʻlim boshligʻi, Jarqoʻrgʻon tumani IIB boshligʻi lavozimlarida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar Sh.Allamurotov 2023-yildan buyon Qiziriq tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling