12-sentabr kuni TBC Bank tashabbusi bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Osiyo taraqqiyot banki, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), BMT Ayollar tashkiloti (UN Women), Women in Tech hamda mamlakatning yetakchi universitetlari: American University of Technologies (AUT), IT Park University, TEAM University va Amity University in Tashkent hamkorligida tashkil etilgan “Kasb jins tanlamaydi” loyihasi doirasida grantlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyiha fan, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) va biznes sohalarida gender tafovutini kamaytirishga qaratilgan. Bugungi kunda ayollarning bu yo‘nalishlardagi ishtiroki hanuz juda kam, ta’lim esa o‘zgartirishlarning kaliti hisoblanadi.
Zamonaviy dunyoda kasbni jins emas, balki insonning intilishi, iste’dodi va qat’iyati belgilashi kerak. TBC Bank uchun «Kasb jins tanlamaydi» loyihasi — bu odamlarni o‘z maqsadlariga dadil borishga va o‘zligicha qolishga undaydigan falsafamizning ifodasidir. Ishonamizki, bunday tashabbuslar yosh avlodni ilhomlantirib, ayniqsa fan va texnologiya sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi. O‘zgarishlarning eng muhim omili esa — ta’limdir, — dedi TBC Bank Boshqaruv raisi Spartak Tetrashvili.
Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, TBC Bank Boshqaruv raisi Spartak Tetrashvili, Osiyo taraqqiyot banki direktori Kanokpan Lao-Araya hamda UNFPAning doimiy vakili, doktor Nigina Abaszade ochib berdi.
Tadbir davomida ilm-fan, biznes va xalqaro tashkilotlar vakillari ma’ruzalar va ilhomlantiruvchi hikoyalar bilan chiqish qildilar. Girls x Talk formatida talaba qizlar va yosh tadqiqotchilar o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, qanday qilib to‘siqlarni yengish va ayollar ishtiroki kam bo‘lgan sohalarda karyera qurish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Qizlarni STEM va biznes yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlash — bu nafaqat teng imkoniyatlar masalasi, balki mamlakat kelajagiga qaratilgan strategik investitsiyadir. Ishonchimiz komilki, har bir grant sohibasi O‘zbekistonda texnologiyalar, fan va tadbirkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shadi. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorlar bilan birgalikda qizlarning o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etishlari va raqamli o‘zgarishlar yetakchilariga aylanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishda davom etadi, — deya ta’kidladi Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Kamola Sobirova.
Tadbir yakunida yetti nafar talaba qizga grantlar topshirildi va ular loyiha hamkor universitetlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.