“Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi:
- Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilishi;
Bunda, belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil oʻtgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam boʻlmasligi belgilandi.
- Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;
- Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun;
- Transport vositalarini quvib oʻtish qoidalarini buzganlik uchun;
- Yoʻl bezoriligi uchun;
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun.