Farg‘ona viloyatida “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining yashirin guruhi fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Xususan, Qo‘qonda yashovchi, 1962-y.t., muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga aʼzo bo‘lib, jinoyat sodir etganligi uchun 2000-2019-yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan shaxs 1965-1971-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy guruh tuzgan.
2024-2025-yillar davomida Qo‘qondagi choyxona va oshxonalarda o‘tkazilgan o‘zaro yig‘inlarda guruh aʼzolari “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalarini O‘zbekistonga olib kirilishini, ushbu tashkilot tomonidan chop etilgan kitob va jurnallarda ifodalangan aqidaparastlikni, xalifalik davlati qurish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Shuningdek, Telegramdagi yopiq kanalga aʼzo bo‘lib, unda “Hizb ut-Tahrir” DETga tegishli materiallar bilan muntazam tanishib borgan.
Guruhning 1971-y.t. aʼzosi ham muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidagi ishtiroki uchun 23 yillik jazo muddatini o‘tab, 2024-yilning aprel oyida ozodlikka chiqqan. Guruhning boshqa bir aʼzosi esa firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun qamalib chiqqan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 159 va 244-prim 1 hamda 244-prim 2 moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.