Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida navbatdagi tungi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Reyd davomida Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zani oqim bo‘ylab davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida qum-shag‘al aralashmasi qazib olinib, HOWO yuk tashish mashinasiga yuklab berilayotganligi aniqlandi.
Natijada tabiatga 83 mlrd 357 mln 600 ming 256 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Reyd davomida qum-shag‘al qazib olingan maydonning bir qismi tuproq, loy va tosh aralashmalari bilan to‘ldirib qo‘yilganligi ma‘lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan voqea joyida bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborildi.