FVV quyosh va issiq urishidan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Vazirlik fuqarolarga oddiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni, quyosh urishi alomatlari paydo bo‘lsa birinchi yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi jazirama kunlarda quyosh urishidan saqlanish qoidalarini eslatdi.

Ma‘lum qilinishicha, quyosh urishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ta‘sirida yuzaga keladi va ba‘zan issiq ta‘siridan 6–8 soat o‘tib ham namoyon bo‘lishi mumkin. Jazirama ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor insonlar uchun xavfli hisoblanadi.

Vazirlik fuqarolarga soat 10:00 dan 17:00 gacha quyosh tig‘ida uzoq qolmaslik, tabiiy matodan tikilgan yengil kiyim hamda bosh kiyim kiyish, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va kremlardan foydalanishni tavsiya etdi. 

Shuningdek, suvsizlanishning oldini olish uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish va quyoshdan qaytgach salqin dush qabul qilish yoki nam sochiq bilan artinish tavsiya etiladi.

Qayd etilishicha, quyosh yoki issiq urishining dastlabki belgilari orasida holsizlik, bosh og‘rig‘i, chanqash, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va qusish kuzatiladi. 

Og‘ir holatlarda hushdan ketish, tutqanoq, alahsirash hamda nafas va yurak faoliyatining buzilishi yuz berishi mumkin.

Bunday vaziyatda jabrlanuvchini darhol salqin joyga olib o‘tish, yotqizib boshini biroz ko‘tarish, sovuq kompress qo‘yish va imkon qadar tez tibbiy yordam chaqirish kerak. 

Og‘ir holatlarda esa bemorni zudlik bilan shifoxonaga yetkazish yoki tez yordam brigadasini chaqirish lozim.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling