AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi Samarqanddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qoʻllab-quvvatlash maqsadida Madaniy meros agentligi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan hamkorlik qiladi. Bu haqda AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Agentlik taqdim etgan loyiha butun dunyo boʻylab oʻtkazilgan saralash bosqichida tanlab olinib, bu yil uchun eng katta, tanlov tarixida esa Oʻzbekiston uchun eng yirik summani tashkil etdi. 500 ming dollar miqdordagi mazkur tashabbusni Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) texnik tomondan qoʻllab-quvvatlaydi.
Ushbu grant AQSH Madaniy merosni asrab-avaylash jamgʻarmasi (AFCP) Oʻzbekistonda qoʻllab-quvvatlayotgan 14-loyiha boʻlib, hozirgacha jamgʻarma yordamida umumiy qiymati 1 mln 350 ming dollar boʻlgan xilma-xil loyihalar amalga oshirilgan. Bu galgi yangi loyiha 2023-yilda Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha imzolangan ikki tomonlama kelishuvda koʻzda tutilgan maqsadlarga hamohang.
Madaniy meros agentligi IICAS koʻmagida Sherdor madrasasi fasadi konservatsiya va restavratsiyasini mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiradi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi.
Loyiha hamkorlari Agentlikni dunyoning yetakchi olimlari bilan bogʻlashadi, madaniy merosni saqlash uchun zarur hujjat va resurslarga ega boʻlish imkonini yaratishadi hamda loyiha davomida qoʻlga kiritilgan ilmiy xulosalarni keng tarqatishda yordam berishadi.
“Biz Registon maydonidagi goʻzal va ramziy Sherdor madrasasining konservatsiya ishlarida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Ushbu saʼy-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bu muhim yodgorlikni asrab qolish va Oʻzbekistonning madaniy merosini himoya qilishga katta hissa qoʻshadi,”- dedi AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik.
“Sherdor madrasasining konservatsiya-restavratsiya loyihasi AQSH Madaniy merosni asrab-avaylash jamgʻarmasi bilan birgalikda amalga oshirilishi Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanyotganligiga yaqqol dadildir. Mazkur loyihani qoʻllab-quvvatlaganligi uchun AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasiga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelgusidagi hamkorligimiz yanada kuchayishiga hamda bu kabi loyihalarning salmogʻi yanada oshishiga ishonamiz.” – dedi Agentlik direktori B.Abdikarimov.
2001-yilda AQSH Kongressi tomonidan tashkil etilib, AQSH Davlat departamenti boshqaradigan Madaniy merosni asrab-avaylash jamgʻarmasi (AFCP) dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida madaniy yodgorliklarni, madaniy obyektlar va toʻplamlarni hamda anʼanaviy madaniy meʼrosni saqlashga doir loyihalarga bevosita grantlar taqdim etadi. 2024-yilgi global grantlar tanloviga 71 mamlakatdan 149 ta madaniy merosni saqlash loyihasi taqdim etildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling