Sirdaryoda elektr qarmoq bilan baliq ovlagan shaxslar qo‘lga olindi

Natijada tabiatga 521 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan bo‘lib, ish hujjatlari Bosh prokuraturaga yuborildi.

Respublikada taqiqlangan ov qurollari bilan baliq ovlashga qarshi kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom ettirilmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Reyd davomida uch nafar fuqaro tomonidan Sirdaryo tumani hududidan o‘qib o‘tuvchi “Sho‘razak” zovuridan taqiqlangan ov quroli, ya‘ni elektr qarmoq yordamida 7 turdagi jami 38 dona baliq noqonuniy ovlanganligi ma‘lum bo‘ldi. 

Huquqbuzarlar baliqlarni UAZ-2106 transport vositasida olib chiqib ketishayotganida to‘xtatib qolindi.

Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy ovlangan 38 dona baliq, 1 dona elektr qarmoq, rezina qayiq va uning eshkaklari, 1 dona “setkali tutqich” va 1 dona akkumulyator vaqtinchalik olib qo‘yildi. 

Shuningdek, transport vositasi holatga huquqiy baho berilgunga qadar jarima maydoniga joylashtirildi.

Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 521 mln 180 ming miqdorida zarar yetkazilgan.

To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling