DXX va IIV tomonidan joylarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi.
Jumladan, Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1969-y.t. shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangan shahridagi sayyohlik firmalaridan biri orqali joriy yilgi mavsumda Saudiya Arabistoniga “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi boʻlib ishlovchi, 1981-y.t. shaxs 2 nafar fuqaroni ushbu firma orqali joriy yilgi “Haj” mavsumida ezgu amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 15 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1974-y.t. shaxs Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, lekin tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan turistik firma orqali “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 3450 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Toshloq tumanida yashovchi, 1981-y.t. shaxs “Umra” ziyoratini tashkil etishga vakolati boʻlmasada, viza rasmiylashtirib berish orqali, Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni “Umra” safariga joʻnatish evaziga 2400 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Quva tumanida qayd etilgan holatda, 1980-y.t. shaxs “Telegram” messenjeridagi profili orqali goʻyoki “Umra” ziyoratiga yuborish bilan shugʻullanuvchi firmasi borligini aytib, aynan “Umra” vizasi bilan 2 nafar fuqaroni ziyoratga joʻnatish evaziga 3100 dollar talab qilib, oldindan 1800 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.