Shavkat Mirziyoyev 1-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Dmitriy Chernishenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda vazirlar Aleksey Chekunkov va Sergey Kravsov ham qatnashdi.
Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq Oʻzbekiston-Rossiya koʻp qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Dmitriy Chernishenko davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat Raisi Mixail Mishustinning salomini yetkazdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim va gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari faoliyati va Oʻzbekistonda ularning yangi filiallarini ochish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz hududlarining Rossiyaning Uzoq Sharqdagi hududlari bilan amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar oʻzaro sayyohlar oqimini koʻpaytirish, qoʻshma madaniy va sport tadbirlarini oʻtkazishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling