Respublikada boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarning roʻyxati shakllantiriladi

Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Qonun bilan Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning “Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati”ga kiritilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Roʻyxatga kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Roʻyxatga kiritilgan shaxs xabarnoma olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketishi kerak.

Agar Roʻyxatga kiritilgan, nomaqbul deb topilgan shaxs koʻrsatilgan muddat ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketmasa, mazkur shaxs deportatsiya qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling