Oʻzbekistonda hafta davomida ob-havo qanday boʻladi?

14-17 oktabrda respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin

Kecha Oʻzbekistonning shimoliy hududlariga Ural (Rossiya) hududidan sovuq va nam havo massalari kirib keldi, deb xabar bermoqda Oʻzgidromet.

Bugun va ertaga antitsiklon mamlakatning barcha hududlariga taʼsir etadi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, togʻ oldi va togʻli hududlarda kuchli yomgʻir yogʻadi, baland togʻlarda yomgʻir qorga aylanadi, faqat respublikaning shimoliy hududlari boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi.

Chorshanba kuni faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida yomgʻir yogʻishi ehtimoli saqlanib turadi. Ushbu kunlarda harorat foni oʻrtacha iqlimiy qiymatlardan 6-8 daraja past boʻladi. Harorat kechalari 3-8 daraja iliqqacha, shimoliy hududlarda 0-2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 13-18 darajadan yuqori boʻlmaydi.

Payshanba va juma kunlari antitsiklon sharqqa tomon siljiydi, bu kunlarda Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik yogʻishi ehtimoli kam. Havo harorati kechalari 3-8 daraja iliq atrofida boʻlishi saqlanib turadi, juma kuniga kelib kunduz kuni 17-22 darajagacha koʻtariladi.

16-17 oktabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

14-17 oktabrda respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

Poytaxtda: bugun va ertaga vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Shamol gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Havo harorati bugun kunduzi 15-17 darajani tashkil etadi, ertaga kechasi 8-10 daraja boʻladi, kunduzi 13-15 darajadan yuqori boʻlmaydi.

16-17 oktabrda yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kechalari 3-6 daraja iliq, kunduz kunlari 13-16 daraja atrofida boʻladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling