Samarqandda Range Rover, Lacetti va Damas ishtirokida sodir boʻlgan YTH oqibatida haydovchi vafot etdi

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

Samarqand shahar “Zulfiya” mahallasi hududidan oʻtuvchi Buyuk Ipak yoʻli koʻchasida 10-oktyabr kuni soat 01:00 larda YTH sodir boʻldi. Bu haqda viloyat IIB JXX YHXB xabar berdi.

Haydovchi Range Rover avtomobilini Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi boʻylab yuqori tezlikda boshqarib kelib, eʼtiborsizligi oqibatida roʻl boshqaruvini yoʻqotgan. Natijada oʻzi bilan bir yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti avtomobilini orqa tomonidan urib yuborgan.

Soʻng toʻxtay olmasdan shu yoʻnalishda yoʻl chetida toʻxtab turgan Damas avtomobiliga kelib urilgan.

Oqibatda Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling