Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari kengaytirildi

Prezident qarori qabul qilindi

Prezident qarori bilan, yengil avtotransport vositalarida yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish faoliyati oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi hamda ular ushbu faoliyat bilan litsenziya varaqasi asosida shugʻullanishi belgilanadi.

2025-yil 1-apreldan soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalarda yoki mahallalardagi tadbirkorlik subyektlarida belgilangan soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlanganda quyidagi tartib joriy etiladi:

  • birinchi marta ogohlantirish;
  • ogohlantirishdan soʻng 3 kun muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagani yoki takroran aniqlangani sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishga asos boʻlishi;
  • sayyor soliq tekshiruvini 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshirishga ruxsat etish;
  • sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma sayyor soliq tekshiruvi boʻyicha qaror qabul qilish uchun asos boʻlib hisoblanishi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling