Nodirjon Turgʻunov Oʻzbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Turgʻunov IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Tohaga ishonch yorliqlarini topshirdi,
IHT bosh kotibi doimiy vakilning ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, uni ushbu lavozimga kirishishi bilan tabrikladi va masʼuliyatli missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va IHT oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Tomonlar, shuningdek, taʼlim, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va innovatsiyalar kabi muhim yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni faollashtirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Bosh kotib Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi, ilm-fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan salmoqli hissasini taʼkidlab, mamlakatimiz tarixan islom olamining ilmiy kashfiyotlar, falsafiy tafakkur va maʼnaviy meros markazi boʻlganini alohida taʼkidladi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston islom ummati birligini mustahkamlash, barqaror rivojlanish, taʼlim va madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda muhim rol oʻynashda davom etayotgani, bu esa uni Islom hamkorlik tashkiloti maqsadlarini amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biriga aylantirayotgani urgʻulandi.
Nodirjon Turgʻunov 2024-yil mart oyida Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi etib tayinlangandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling