Senat yalpi majlisida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Majburiy ijro byurosi direktori M.Egamberdiyevga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Senat aʼzolarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida va sayyor qabullarida fuqarolar tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ko‘plab eʼtirozlar bildirilmoqda.
Ushbu masala senatorlar tomonidan o‘rganilib, tahlil qilinganda qator salbiy holatlar aniqlangan va Majburiy ijro byurosining faoliyatida tizimli ayrim kamchiliklar hamda sohada ayrim o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, 2023–2024 yillarda Majburiy ijro byurosi faoliyatiga oid prezidentning virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar soni ortgan (2023-yilda 136 982 ta, 2024-yilda 144 797 ta).
Tahlillardan aniqlanishicha, murojaatlarning aksariyat qismi aliment undirish (2023-yilda – 69 058 ta, 2024-yilda – 72 642 ta) hamda Byuro organlari xodimlari xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar (2023-yilda – 8 038 ta, 2024-yilda – 11 425 ta) bilan bog‘liq masalalarni tashkil qilgan.
Shuningdek, senatorlar tomonidan Byuro organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishga yetarli eʼtibor qaratmasligi, fuqarolarga o‘z vaqtida va to‘g‘ri tushuntirish bermasligi oqibatida aliment undirish, sud qarorlari ijrosi, zararni undirish, Byuro organlari xodimlari xatti-harakatlari bilan bog‘liq takroriy murojaatlar soni ham ortganligi tanqid qilindi.
Bundan tashqari, 2025-yilning I choragida 255 ta ishga tiklash bilan bog‘liq ijro hujjatlari o‘z vaqtida bajarilmagan. Ushbu ijro hujjatlarining aksariyat qismi ichki ishlar (80), soliq organlari (18), taʼlim sohasi (16), hokimliklar (14), sog‘liqni saqlash tizimi (6) hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyotida ham ayrim muammolar mavjudligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan Majburiy ijro byurosiga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.