Hilola Umarovaga xususiy bogʻchalarda bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlar boʻyicha senator soʻrovi yuborildi

Senator vazirdan hodisalarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tushuntirish berishni soʻradi

Avvalroq Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Tanzilandiya” xususiy bolalar bogʻchasida bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlar sodir boʻlgani haqida xabar berilgandi. Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi B.Abdullayev Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriga senator soʻrovi yubordi.

Soʻrovda qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda ayrim nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilmoqda.

Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Tanzilandiya” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining tarbiyachilari tomonidan ushbu tashkilot tarbiyalanuvchilariga nisbatan zoʻravonlik harakatlari sodir etilganligi, Yunusobod tumanidagi “First Daychare” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga skotchlab qoʻyganligi aniqlandi.

Bu kabi salbiy holatlarning soʻnggi vaqtlarda koʻpayishi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga koʻrsatilayotgan taʼlim va tarbiya xizmatlari hamda ularga yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish qoniqarsiz yoʻlga qoʻyilganligini koʻrsatmoqda.

Hozirda respublika boʻyicha 31 139 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti va 6 919 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatayotganligini inobatga oladigan boʻlsak, yuqoridagi kabi noxush holatlarning yuz bermayotganligiga hech kim kafolat bermaydi.

Senator vazirdan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zoʻravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tushuntirish berishni soʻradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling