Shahrisabz aeroporti vaqtincha yopiladi

Bunga uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta‘mirlash ishlari boshlanishi sabab bo'ladi

Shahrisabz aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta‘mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan 13-mart soat 05:00 dan 25-mart 05:00 gacha o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, uchish-qo‘nish yo‘lagining 1983 yildan beri ishlatilishi munosabati bilan hamda havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini ta‘minlash maqsadida keng kapital qurilish va ta‘mirlash ishlari olib boriladi.

Xususan, 1554 m uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, yurish yo‘lagining ustki qatlami ham ta‘mirlanadi.

Shu paytgacha Shahrisabz aeroportida samolyotlarni qabul qilish imkoniyati cheklangan edi – parvozlar haftasiga ikki marta kichik L-410 samolyotlarida amalga oshirilardi.

Uchish-qo‘nish yo‘lagi ta‘mirlangandan so‘ng aeroport o‘rta masofaga mo‘ljallangan zamonaviy ATR-72 samolyotlarini haftasiga uch martagacha qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling