Prezidentning “O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi anʼanalarini munosib davom ettirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Andijon ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etiladi. Oliy maktabda o‘quv jarayoni 2025/2026-o‘quv yilidan boshlanadi.
Oliy maktabga boshlang‘ich musiqiy bilimga ega bo‘lgan o‘quvchilar ijodiy sinov asosida 9-sinfdan qabul qilinadi. O‘quv jarayoni davlat grantiga asoslangan 3 yillik o‘quv dasturi bo‘yicha tashkil etiladi hamda bitiruvchilarga o‘rta maxsus kasbiy taʼlim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Oliy maktabning iqtidorli bitiruvchilari o‘z o‘qishini tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha oliy taʼlim tashkilotlarining 2-bosqichidan davom ettirishi mumkin. Shuningdek, oliy maktabda Sherali Jo‘rayev ijodiy yo‘nalishi va faoliyati bo‘yicha ilmiy-ijodiy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.