Taras Shevchenko ko‘chasini turistik hududga aylantirishning uchinchi bosqichi boshlandi

Bu safargi ishlar ko‘chaning qariyb 400 metrlik qismini qamrab oladi. Loyihani yil yakuniga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasini zamonaviy turistik maskanga aylantirish ishlari 3-bosqichga o‘tdi. Bu haqda Mirobod tuman hokimligi xabar berdi.

2024-yilda ko‘chani turistik hududga aylantirish bo‘yicha ishlarga start berilgan edi.

Loyiha doirasida Taras Shevchenko ko‘chasida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi gastronomik va ko‘ngilochar hudud barpo etish, aholi va poytaxt mehmonlari uchun zamonaviy infratuzilma hamda qulay muhit yaratish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Ayni paytda loyihaning 3-bosqich qurilish-ta‘mirlash ishlari boshlandi. Xususan, ishlar Taras Shevchenko va Fidokor ko‘chalari kesishmasidan Taras Shevchenko va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan qariyb 400 metrlik hududni qamrab olgan.

Hozirda belgilangan reja asosida demontaj ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, betonlash ishlarini boshlash uchun tayyorgarlik jarayonlari amalga oshirilmoqda.

Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi hamda poytaxtning turistik salohiyati yana-da oshadi

Qurilish-ta‘mirlash ishlarini joriy yil yakuniga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling