Sirdaryodagi metan zapravkada 5,7 mlrd soʻmlik gazdan noqonuniy foydalanildi

Holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar Prokuraturaga yuborildi

Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida joylashgan “P. M. G.” MCHJga qarashli AGTKSHDA 8-fevral kuni nazorat tadbiri oʻtkazilgan.

Mutaxassislar tomonidan AGTKSHning gaz hisoblagichini koʻzdan kechirishga borilganda, shoxobchaning gaz hisoblagichi oʻrnatilgan xonadan nomaʼlum shaxs qoʻlida har xil kabellar bilan chiqib, ushbu joydan qochib ketgan.

Shundan soʻng, gaz hisoblagich koʻzdan kechirilganda hisoblagichning aloqa tarmogʻi (porti) uzilmaganligi kuzatilib, hisoblagichga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi shubha qilinib, hisoblagich konfiguratsiyalarini tekshirtirish uchun yechib olinishi bildirilganda, AGTKSH rahbarlari tomonidan toʻsqinlik qilingan va hisoblagichni yechib olishga qarshilik koʻrsatilgan.

Shu vaqtda kutilmaganda Sirdaryo tumani IIB tezkor vakili kelib, “Oʻzenergoinspeksiya” mutaxassisi A.N. ga tegishli avtomashinani koʻzdan kechirib, shubhali ravishda nomaʼlum modda topib, voqeya joyidan mutaxassisni olib ketishgan.

Ushbu holat yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvlarga koʻra (AGTKSHning video kameralarida qayd etilgan lavhalarga koʻra) AGTKSH tegishli shaxslar tomonidan qasddan uyushtirganligi aniqlandi.

Tadbir davomida, jamiyatga qarashli gaz hisoblash uskunasini maʼlumotlar bazasiga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblariga asosan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 740 mln soʻmni (2,2 mln m3) tashkil etgan.

Aniqlangan holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Prokuratura organiga yuborildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling