Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 8-10-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, O‘zbekiston-Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Ustuvor yo‘nalishlar - savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.
Yetakchilarning uchrashuvi yakunida O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Bolgariya prezidenti Rumen Radev 9-11-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilishi, qator ikki tomonlama bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va Bolgariya prezidentlari o‘zaro manfaatli munosabatlarni yana-da rivojlantirish, shu jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, farmatsevtika tarmog‘i, konchilik, raqamlashtirish sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqadilar.
Bolgariya prezidenti Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.