Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Surxondaryodagi studiyadan senator Dilbar Suvonova savol berganda majlis qatnashchilardan biri stuldan boshini koʻtarmagani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi kotibiyati izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, senator soʻzga chiqqan vaqtida orqa oʻrindiqda oʻtirgan ishtirokchi sogʻligi yomonlashib qolgan.
Qayd etilishicha, jonli efir vaqtida boshqalar eʼtiborini tortmaslik uchun tashqariga chiqmay turgan. Ishtirokchi bu vaziyatda holatidan kelib chiqib koʻrinmaslikka harakat qilganligini taʼkidlagan.
“Shu bilan birga ushbu ishtirokchi videokonferensiya shaklida oʻtayotgan Senatning yalpi majlisi jarayonini texnik taʼminlash uchun jalb etilgan mutaxassis ekanligini maʼlum qilamiz. Hozirda tibbiy muolaja koʻrsatilgan va holati yaxshi”, — deyiladi xabarda.