Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Administratsiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga, boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish boʻlishi haqida rasman tasdiqlanmagan maʼlumotlar tarqaldi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ushbu xabarlar yuzasidan munosabat berdi.
Qayd etilishicha, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administratsiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha boʻlgan barcha idoralarda shtat birliklarini maqbullashtirib borish ishlari bu - doimiy jarayon hisoblanadi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda byudjet mablagʻlaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni taʼminlash.
Bu jarayonning hajmi va koʻlami qay darajada boʻlishi, mazkur yoʻnalishda tegishli oʻrganish va tahlillar oʻtkazilganidan keyingina maʼlum boʻladi.