Toshkent viloyatida tadbirkordan 1000 dollar talab qilgan soliqchi ushlandi

Shuningdek, Farg‘onada elektr ta‘minoti korxonasi muhandisi ham tadbirkordan 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi. 

Zangiotada soliqchi, Buvaydada muhandisning qilmishlari fosh bo‘ldi, deb xabar bermoqda DXX.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan hamda xalq orasida Chinni bozor nomi bilan tanilgan Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning do‘konida soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

Unda tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali o‘zining shaxsiy bank plastik kartasiga o‘tkazib, YTT hisob raqamiga kirim qilmaganligi aniqlangan. 

Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori esa YTTga 160 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilishini aytib, uni bartaraf etib berish evaziga 1000 dollar talab qilgan. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda soliqchining topshirig‘i bilan tadbirkordan ushbu pulni olgan vaqtida uning vositachisi ushlandi.

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani elektr ta‘minoti korxonasi muhandisi quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkordan noqonuniy ravishda 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi. 

Aniqlanishicha, muhandis o‘z hududida quyosh panellarini o‘rnatishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni mijoz sifatida tadbirkorga yo‘naltirish, panellarni o‘rnatish bo‘yicha kerak bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirish va texnik shart olib berish evaziga 5 ming dollar talab qilgan. 

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling