Toshkent va Navoiy viloyatlarida korrupsiya holatlari aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Toshkent viloyati Soliq boshqarmasining sayyor soliq tekshiruvlari bo‘limi katta inspektori Angrenda bog‘dorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikda o‘tkazilayotgan sayyor soliq tekshiruvini ijobiy hal qilishni vaʼda qilgan.
U 1 yil davomida soliq tomonidan tekshiruv o‘tkazmaslikni aytgan. Buning evaziga xo‘jalik rahbaridan 5 ming dollar talab qiladi.
Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspektori pulni olgan vaqtida ushlandi.
Navoiy viloyatidagi tumanlardan biridagi. BO‘SM direktori hamda bosh hisobchisi o‘zaro til biriktirib, maktab murabbiyiga ajratilishi lozim bo‘lgan xizmat safari pulidan ulush olishni reja qiladi.
Murabbiy 8 nafar sportchi bilan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etgan. Shu bo‘yicha unga jami 40 mln 722 ming so‘m xizmat safari puli to‘lanishi kerak bo‘lgan. Direktor va hisobchi pullarni to‘lab berish evaziga ushbu summadan 40 foizini – 16 mln so‘mdan ortiqroq qismini berishini talab qilgan.
So‘ngra bosh hisobchi murabbiyning bank plastik kartasiga xizmat safari puli hisobidan 10 mln so‘m o‘tkazib berib, shundan 3 mln so‘mni pora sifatida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.