Yangihayotda gazsiz yashayotgan fuqarolar murojaat yoʻlladi. Qurilish vazirligi munosabat bildirdi

Uyning kadastri ham yoʻq

Ijtimoiy tarmoqlarda Yangihayot tumanidagi yangi qurilgan koʻp qavatli uylarda 5 yildan buyon gazsiz yashayotgani aytilayotgan fuqarolar murojaat yoʻlladi. Ulara koʻra, uyning kadastri ham yoʻq.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi izoh berdi.

Unga koʻra, Yangihayot tumani Yoʻldosh-6 mavzesidagi ushbu turar joy “ERAM QURILISH” MCHJga tegishli boʻlib, obyektda qurilish-montaj ishlari Hukumatning tegishli qarori asosida inspeksiyani xabardor etmagan holda oʻzboshimchalik bilan boshlab yuborilgan.

Ushbu holat yuzasidan “ERAM QURILISH” MCHJga nisbatan 2021-yil 7-iyul kuni yozma koʻrsatma berilgan. Biroq belgilangan kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf etilmagach, MJtKning 99-moddasi 7-qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganligi sababli MCHJ rahbariga sud organlari tomonidan jazo chorasi bilan bogʻliq qaror chiqarilgan. Xususan, mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar Qurilish Bosh boshqarmasiga va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga xatlar joʻnatilgan.

Shuningdek, 2024-yilning 12-iyulida ushbu obyektga tekshiruv oʻtkazish maqsadida chiqilganida qurilish ishlari toʻxtatilganligi aniqlangan va qurilishga javobgar mansabdor shaxslar joyiga yetib kelmaganligi sababli xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan.

2024-yil 5-noyabrda yana monitoring oʻtkazilgan hamda holat yuzasidan “ERAM QURILISH” MCHJga yozma koʻrsatma yuborilgan. Hozirgi kunda inspeksiya mazkur holat boʻyicha sud organlariga tegishli tartibda chora koʻrilishi yuzasidan daʼvo arizasi kiritmoqda.

“Quruvchi tashkilot va fuqarolar (subinvestor) oʻrtasida tuzilgan shartnoma shartlari bajarilishini nazorat qilish hududiy inspeksiya vakolatiga kirmaydi va mazkur qurilish obyekti inspeksiya roʻyxatidan oʻtmaganligi sababli uyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berilishi tadbirkor «ERAM QURILISH” MCHJning majburiyatidir», — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling