Ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya oluvchi fuqarolarni tanlab olish mezonlari oʻzgardi

Tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish tartibi belgilanmoqda

Vazirlar Mahkamasining “Ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Xukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar quyidagilarni nazarda tutmoqda:

• ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va foiz harajatlarining bir qismini qoplab berish uchun subsidiyalarni toʻlab berishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

• ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlab beriladigan fuqarolarni tanlab olish mezonlarini takomillashtirish;

• tijorat banklari tomonidan fuqarolarga ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish tartibini belgilash.

Xususan, ilgari ariza beruvchining taqdim etilgan arizasi asosida ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlash va baholashga tuman (shahar) soliq inspeksiyalari, tibbiyot birlashmalari, moliya boʻlimlari hamda oila va xotin-qizlar boʻlimlari masʼul boʻlishgan boʻlsa, endilikda mazkur funksiyalar quyidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi:

• “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali — Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi;

• oʻrganib chiqish jarayonida fuqaroning anketa-arizasida koʻrsatilgan maʼlumotlardan kelib chiqib, ushbu maʼlumotlarni baholash uchun ishtirok etuvchi masʼul tashkilotlar — tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlari, tuman (shahar) soliq inspeksiyalari.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling