O‘zbekistonda 2-oktyabrdan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun ariza qabul qilish qaytadan ochildi.
Bunda subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismi uchun shartnomalar beriladi. Arizalarni soat 9:00 dan boshlab yuborish mumkin.
Bu uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki my.gov.uz orqali mustaqil ravishda ariza topshirish kerak.
Daromad chegaralari:
- viloyatlar va Qoraqalpog‘istonda: 3 mln 431 ming 700 so‘mdan 10 mln 168 ming so‘mgacha;
- Toshkent shahrida: 3 mln 431 ming so‘mdan 11 mln 693 ming 200 so‘mgacha.
2024-yildan boshlab yangi uylar uchun ipoteka kreditlariga subsidiyalar qatʼiy belgilangan 30 mln so‘m miqdorida to‘lab berilmoqda.
Talabgor xohishi bilan subsidiya quyidagi tartibda ham to‘lanishi mumkin:
- dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida;
- foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga.
O‘zbekistonliklarga subsidiya asosida ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln, Toshkent shahrida esa 420 mln so‘mgacha beriladi.
Agarda dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash tanlanadigan bo‘lsa, 50 mln so‘mgacha subsidiya olish mumkin bo‘ladi.