Tojikiston va Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 48 kg dan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1984 y.t. sudlangan shaxs Tojikistondan Oʻzbekistonga aylanma yoʻllar orqali narkotik moddalarni olib kelib, sotish bilan shugʻullanayotganligi aniqlanib, uning yashash xonadoni koʻzdan kechirildi.

Natijada xonadon yertoʻlasidan 576 gramm “geroin”, 2 kg 447 gramm “opiy” va 1 kg 913 gramm “gashish” moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, uning muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, 1956 y.t. otasidan 9 kg 62 gramm “gashish” moddasi hamda kelib chiqishi noaniq boʻlgan 137 ming 460 dollar va 569 mln 832 ming soʻm olindi.

Bundan tashqari, 1980 y.t. akasi va Uzun tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. jinoiy sherigi ham qoʻlga olinib, jinoiy sherigining uyidan ham kelib chiqishi noaniq boʻlgan 159 ming 400 dollar olindi.

Yangiqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Yangiqoʻrgʻon-Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan avtobus toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, mazkur tumanda yashovchi, 1999 va 2002-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaroga tegishli sumkalarda jami 19 kg 915 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular giyohvandlik vositasini kelgusida sotish maqsadida Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelganliklari maʼlum boʻldi.

Andijon viloyatida kuzatilgan holatda esa Marhamat tumanida yashovchi, 1996 y.t., muqaddam sudlangan shaxs “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasining mazkur tuman hududidan oʻtuvchi qismiga kelib, avvalroq Qirgʻiziston fuqarosi tomonidan kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazib berilgan 4 kg 931 gramm “opiy” va 9 kg 949 gramm “gashish” moddalarini olib, qaytayotgan vaqtida Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling