Surxondaryoda morxo‘r ovlagan shaxslar tabiatga 4,5 mlrd so‘m zarar yetkazdi

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Surxon” davlat qo‘riqxonasining “Xatak” bo‘limi,“Oltikunlik” massivida 5-iyul kuni o‘tkazilgan reyd chog‘ida noqonuniy ovchilik bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada Qizil kitobga kiritilgan ikki bosh burama shoxli echki (morxo‘r) noqonuniy ravishda ovlanganligi ma‘lum bo‘ldi. 

Reyd  davomida qo‘riqxona hududida qurol bilan harakatlanayotgan 3 nafar fuqaro shubha uyg‘otadi, ularning harakati zimdan kuzatiladi. Ular toshloq va tik qiyaliklarda harakatlanayotgan bo‘lishiga qaramay, masofadan binokl va mobil vositalar yordamida nazoratga olinib, harakati hujjatlashtirilib boriladi. Shubhali shaxslar to‘xtab dam olayotgan hududga yetib borilganida, aynan o‘sha vaqtda Qizil kitobga Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish Ittifoqining CITESning “Qizil” ro‘yxatiga kiritilgan kam uchrovchi ikki bosh burama shoxli echki – morxo‘r ovlanib,  so‘yilayotganligi aniqlandi. Shaxslar voqea joyida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. 

So‘yilgan hayvon qoldiqlari Termiz davlat universiteti qoshidagi “Sud-Zoologik ekspertizadan o‘tkazilganda 1 va 3 yosh atrfidagi erkak va urg‘ochi morxo‘r ekanligi tasdiqlandi.  

Ushbu holatni sodir etgan shaxslar — Sherobod tumani, “Katta hayot” mahallasida yashovchi X.Sh., Sh.J. va “Vandob” mahallasida yashovchi V.M. ekanligi ma‘lum bo‘ldi

Hodisa oqibatida tabiatga 4,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgani maʼlum bo‘ldi. 

Maʼlumot uchun, mazkur hayvon turini nobud qilish Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling