Surxondaryoda jazirama sabab og‘ir yuk avtomobillari harakati vaqtincha cheklanadi

Cheklov har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha amal qiladi.

Surxondaryo viloyatida o‘ta issiq ob-havo sabab og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyatda kunduzi havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqoriga ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfalt qoplamasi harorati 70–80 darajagacha qizib, uning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. 

Natijada og‘ir yuk avtomobillari yo‘l qoplamasida deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu sababli Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

Viloyat hokimligi haydovchilar va yuk tashuvchi korxonalarni yuk tashish vaqtlarini mazkur cheklovlarni inobatga olgan holda rejalashtirishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, cheklov yo‘l infratuzilmasini saqlash, harakat xavfsizligini ta‘minlash hamda avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirish maqsadida joriy etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling