Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida yashovchi fuqarolar A.B. va A.A. “Baliqchilik” xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonida hamda yashash xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga yashirin ravishda ulangan. Natijada jami 270,8 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Nurobod tumanida fuqaro L.X. o‘ziga tegishli noturar joy binosida elektron gaz hisoblagichdan tashqari gaz quvuriga yashirincha ulangan. Oqibatda jami 116, 7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Bundan tashqari, Qarshi shahrida fuqaro M.A. “Buyuk turon” MFY hududida joylashagan muzlatkich xonasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, jami 107,3 so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.