Uch viloyatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xoʻjaliklari aniqlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Samarqand, Navoiy va Andijon viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xoʻjaliklari aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Urgut tumanidagi “O.A.” fermer xoʻjaligi rahbari O.X. “Yangi ariq” kanalidan suv olish uchun oʻrnatilgan suv nasosining elektr hisoblagichiga tashqi taʼsir oʻtkazib, tijorat maqsadida jami 345,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Y.O.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari tijorat maqsadida xoʻjalikka qarashli yer maydonida elektr suv nasoslarini tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 156,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Departamentning Baliqchi tumani boʻlimi, “Oʻzenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. tijorat maqsadida “Yakkatol” MFY hududidagi 2 gektar yer maydonida suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 130 mln soʻmlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling