Senatning 59-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Qonun bilan Soliq kodeksiga yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari uchun ragʻbatlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Kodeksga tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tushunchasi kiritilmoqda.
Yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliqlar boʻyicha (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno) ortiqcha toʻlangan summani qaytarish uch kunlik muddatda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi boʻyicha “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan esa soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar mustasno).
Mazkur toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash kameral soliq tekshiruvidan oʻtkazilmasdan bir kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Mazkur Qonun soliqlarni oʻz vaqtida toʻlayotgan va qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ularni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
Qizgʻin muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling