Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi

Jamgʻarma mablagʻlari Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi

Prezidentning “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzurida Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi.

Jamgʻarma mablagʻlari Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi va Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda sarflanadi.

Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi, jumladan:

  • muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqotlarni amalga oshirish;
  • tahliliy materiallarni tayyorlash va tadqiqotlarni oʻtkazish uchun grantlar ajratish;
  • ijtimoiy soʻrovlar va jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlarni amalga oshirish.

Jamgʻarma mablagʻlari maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi. Muvofiqlashtiruvchi kengashga quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • Jamgʻarma mablagʻlarini milliy va xorijiy valyutalarda bank depozitlariga joylashtirish;
  • grantlar va begʻaraz texnik koʻmak vositalarini jalb qilish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga toʻlov asosida tadqiqotlar natijalari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish hamda tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlarini berish.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling