“Tezlashtirib berishning imkoni yoʻq!” — Kadastr agentligi direktori fuqarolarga murojaat yoʻlladi

Bugundan Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer va undagi koʻchmas mulkka mulk huquqini eʼtirof etishga oid qonun kuchga kirdi

8-noyabrdan “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi. Shu munosabat bilan Kadastr agentligi direktori Farrux Poʻlatov fuqarolarga murojaat yoʻlladi.

Unda fuqarolar vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yoʻllar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar”dan “ogoh” boʻlishga chaqirilgan.

2024–2025-yillar uchun tasdiqlangan reja-garfik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlanadi.

“Qonun kuchga kirish sanasida sizga murojaat qilishimdan maqsad “ogohlikka” chaqirishdir! Uzoq yillar davomida oʻzi yashab kelayotgan uyini rasmiylashtirib olishni niyat qilib yurgan halol insonlar koʻp ammo, vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yoʻllar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar” ham yoʻq emas. Sizlarni bunday nopok kimsalarning har qanday soʻzlari va vaʼdalariga ishonmaslikka chaqiraman!”, — deyiladi murojaatda.

Shuningdek, quyidagilar alohida taʼkidlandi:

Birinchidan, mahallalar aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida xatlovdan oʻtkaziladi. Biri qolib ikkinchisiga oʻtilmaydi, yaʼni xalq tili bilan aytganda “tezlashtirib berishning imkoni yoʻq!”.

Ikkinchidan, xatlovdan keyin “EʼTIROF” dasturiga kiritilgan har bir holat boʻyicha 15 dan ortiq vazirlik va idoralar xulosalarini beradi hamda kosmik suratlar yordamida tahlil qilinadi. Xalq tili bilan aytganda “ilojini qilib oʻtkazib boʻlmaydi!”.

Uchinchidan, xatlov jarayonida qonun bilan aniq belgilab berilgan 8 ta toifaga kiruvchi holatlar oʻrganiladi. Hozirda egallab olib, qurilish qilib qonuniylashtirib olishni reja qilayotganlar javobgarlikka tortiladi va bu ishlar ham axborot tizimlari orqali nazorat qilinadi. Xalq tili bilan aytganda, “tanish-bilish oʻtmaydi!”.

“Hurmatli yurtdoshlar, har qanday holatda ham firibgarlik, tamagirlik yoki korrupsiya holatlariga duch kelsangiz huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering. Mazkur qonunning adolatli va samarali ijro etilishi barchamizga birdek bogʻliq ekanligini yoddan chiqarmaylik”, — deyilgan Kadastr agentligi direktori murojaatida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling