Toshkent va Farg‘onada noqonuniy diniy taʼlim berish va diniy adabiyotlar chop etish holatlari aniqlandi

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi, 1993-y.t. shaxs Olmazor tumanining “Jiydali” MFYda vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadonda may oyidan buyon 15 nafar yoshlarga noqonuniy diniy taʼlim beradi va buning evaziga har biridan 150 dollar olib keladi. 

Aniqlanishicha, Respublikaning turli hududlaridan kelgan, 2004-2014-yillar oralig‘ida tug‘ilgan shaxslarning 11 nafari voyaga yetmagan bo‘lib, ular orasida 3 yildan buyon maktabga bormayotgan o‘quvchi ham bor.

Xuddi shu mahallada ijaraga olingan yana bir xonadonda ham poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi, 1977-y.t., shaxs iyun oyidan buyon 10 nafar voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy taʼlim berib, evaziga har biridan 100 dollar hamda yegulik uchun oziq-ovqat maxsulotlarini talab qilgan.

Ushbu shaxs xonadonda tekshiruvlar o‘tkazilishi ehtimolini hisobga olib, bolalarni yashirish uchun qo‘lbola yerto‘la qurdirgan. Mazkur yerto‘la temir qopqoq bilan yopilib, tosh va qum bilan berkitilgan.  

Har ikki holat bo‘yicha maxalla fuqarolar yig‘inida sayyor sud o‘tkazilib, ushbu shaxslar MJtKning 241-moddasi asosida javobgarlikka tortildi.

Farg‘ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash bilan bog‘liq holat aniqlandi. 

Buvayda tumanida yashovchi, 1991-y.t. fuqaro yashash xonadoni va o‘ziga tegishli umumiy ovqatlanish shahobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shug‘ullangan. Maʼlum bo‘lishicha, u mazkur kitoblarni Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kitob do‘konlariga yetkazib bergan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida kelgusida sotish maqsadida tayyorlab qo‘yilgan 1210 dona kitob, 2000 dona yarim tayyor holatga keltirilgan bosma mahsuloti hamda 6 ta chop etish dastgohlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Ushbu shaxs 2024-yilning iyul oyida muqaddam diniy mazmundagi kitoblarni qonunga xilof ravishda chop etgani uchun jarimaga tortilgan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling