Toshkent viloyatida quriladigan aeroport qanday bo‘ladi? Tafsilotlar

Birinchi bosqichda aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Avvalroq Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, yangi aeroport hozirgi aeroportdan 17 km uzoqlikda — Toshkent shahridan janubda joylashadi. 

U Samarqand bilan bog‘lovchi amaldagi avtomobil yo‘li va yaqin kelajakda quriladigan pulli trassaga yaqin joyda joylashadi.

Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi Toshkent xalqaro aeroporti yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. 2030-yilgacha aeroport kengaytirilsa ham, ko‘pi bilan 14 mln kishiga xizmat ko‘rsata oladi. 

2030-yildan so‘ng yo‘lovchilar soni 15 mln nafardan oshishi kutilmoqda. Aeroport atrofidagi infratuzilma ham bu yuklamalarga dosh berolmayapti. Ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor, qolaversa, markazda joylashgani bois samolyotlarning manyovr imkoniyatlari cheklangan.

Birinchi bosqichda aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. 169 ta samolyotni bir vaqtning o‘zida joylashtirish imkoni bo‘ladi. Bir soatda kamida 40 dan ortiq parvozga xizmat ko‘rsatiladi. Terminal binosidan samolyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish imkonini beradigan ko‘priklar soni avvalida 14 ta bo‘ladi, loyiha yakunida esa 45 taga yetkaziladi. Yaʼni, asosiy xizmatlar terminalning o‘zida amalga oshiriladi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi kutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling