Prezident Shavkat Mirziyoyevga Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xorazm viloyatida “Islohotlar shtabi” tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Masalan, Janubiy Koreyaning 100 million dollar investitsiyasi hisobidan Urganch tumanida chiqindi yoqish orqali elektr energiyasi olish loyihasi mo‘ljallangan.
Avstraliya kompaniyasi 820 million dollar investitsiya kiritib, Tuproqqalʼa tumanida 600 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va 50 ming tonna “yashil dizel” ishlab chiqarish taklifini bildirgan. Korxona ehtiyoji uchun 5,5 ming gektarda 4 gigavatt quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Slovakiya korxonasi 170 million dollar hisobiga Tuproqqalʼa tumanida 5 ming gektarda raps yetishtirib, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirgan.
Umuman, Xorazmda 2 milliard 400 million dollarlik yangi loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, shahar va tumanlarning qo‘shimcha imkoniyatlari hisobidan yana 86 million dollarlik istiqbolli loyiha va tashabbuslar shakllantirilgan.
Davlat rahbari investorlarga qulaylik yaratib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Viloyatdagi sanoat zonalaridan to‘la foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Infratuzilma va yer toifasi masalasini hal qilib, 100 dan ziyod loyihalarni ishga tushirish zarurligi aytildi. Xorazmning joylashuvidan kelib chiqib, sanoat yo‘nalishlarini puxta rejalashtirish, bunga viloyatning ichki salohiyatini to‘liq safarbar qilish kerakligi taʼkidlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.